MAK komandirlari

Otamga havas qilib...

Otasi Tojiboy ISHMAXAMЕDOV izidan borib, uchuvchilar sulolasini munosib davom ettirayotgan qahramonimiz “Shuhrat” medali sohibi, Boeing 787 Dreamliner avialayneri komandiri Ulugʻbek ISHMAXAMЕDOV uchun oila muqaddas dargoh hisoblanadi.

Men uchun dunyoda eng keragi bu oila va albatta, yurt tinchligi, - deydi Ulugʻbek aka. – Zero, yurt tinch boʻlsa, oilada ham xotirjamlik boʻladi. Oila esa, insoniy fazilatlar, hayot haqidagi ilk tasavvurlar shakllanadigan maskandir. Osuda zaminda inson oʻzini baxtli his etadi, hech ikkilanmasdan oʻylagan orzulari sari odimlaydi. Orzular haqida gap ketganda, albatta, bolaligim yodimga tushadi, rangin xotiralar koʻz oʻngimda gavdalanadi. Insontaqdirini belgilab beradigan voqealar ham aksariyat hollarda yoshlikda yuz beradi. Misol uchun men doimo otamga havas bilan qaraganman, ularga oʻxshash va ular kabi mohir uchuvchi boʻlishga, hamisha nasixatlariga amal qilishga intilganman. Vaqti kelib oilali boʻlganimda esa, otamdek yaxshi oila boshligʻi boʻlishga harakat qildim. Uchuvchilik kasbini tanlashimga ham otam sababchi boʻlganlar.

“Ustoz-shogird” anʼanasi

- Otryadimizda bu anʼnanaga hamisha amal qilinib kelingan. Bugungi kunda ham oʻquv yurtlarini bitirib kelgan yoshlarga tajribali uchuvchilar ustozlik qilishadi. Endi ish boshlagan yosh mutaxassisga koʻrsatma berish, sohaning oʻziga xos sirlarini oʻrgatish ustozlardan sabr va matonat talab etadi, oʻz navbatida bu oʻgitlarni oʻzlashtirish shogirdning burchi hisoblanadi. Oʻzimning ustozlarim haqida gapiradigan boʻlsam, birinchi ustozim albatta, otam. U kishi hozirda nafaqada boʻlsalar-da, har bir parvozimdan soʻng, u qanday oʻtganini soʻrab, ishimni nazorat qiladilar. Maktabda, oily oʻquv yurtida ham qator murabbiylar menga bilim berishgan. Ustozlarim koʻp boʻlgan. Aviakompaniyada Yak-40 samolyotida ish boshlagnimda, birinchi ustozim Timur Ablayevdan koʻp narsani oʻrgandim, keyinchalik A.Kamalov, V.Varlamovlardan. Oradan vaqt oʻtib Rj-85 samolyotiga oʻtdim. Unda A.Nutfullayev, V.Glushakov hamda V.Argovlar menga xorijda ishlab chiqarilgan laynerlarni boshqarishni oʻrgatishdi. 2010-yilda “Airbus A320” otryadida faoliyat yurita boshladim, bu yerda menga G.Maligin va Ye.Kimlar ustozlik qildilar. 2017-yilda Boeing 787 samolyotini oʻzlashtirdim, bunda MAK Oʻquv-mashq markazining uchuvchi-yoʻriqchilari koʻmaklashdilar. Hozirgi kunda A.Markin, A.Tyan va I.Zaklar men bilan oʻz tajribalarini boʻlishmoqda. Shu yillar davomida oʻz kasbining haqiqiy fidoyisi boʻlgan, menda uchuvchilik kasbiga mehr uygʻotgan, yutuqlarimni koʻrib quvongan hamda yoʻl qoʻygan kamchiliklarimga tanbeh berib, toʻgʻri maslahat bergan barcha ustozlarimdan minnatdorman.

Uchuvchining sifatlari

- Menimcha, uchuvchi qatʼiyatli va masʼuliyatli boʻlishi zarur. Bilim, koʻnikma va malaka bu borada ast qotadi. Kerak boʻlganda tezkor qaror chiqarish, oʻz fikriga ega boʻlish ham muhim.

Farzand kamoli

Koʻp yillar aviakompaniya rivoji yoʻlida fidokorona mehnat qilgan “MAK Mehnat faxriysi” unvoni hamda “Shuhrat” medali sohibi Tojiboy Ishmaxamedov bugungi kunda qoʻlini duoga ochib, farzandi bundan ham yuqori marralarni zabt etishini tilab qoladi. Har bir insonga farzandi kamolini koʻrib, baxtli keksalik gashtini surish nasib etsin.

Ulugʻbek Ishmaxamedovdan “Farzandingiz kasbingizni davom ettirishini istaysizmi?” degan savolimizga quyidagicha javob oldik:

- Shukurki, ikki oʻgʻlim va bir qizim bor. Agar kelajakda oʻgʻillarim shu kasbga mehr qoʻyib, aviatsiya sohasini tanlasalar juda xursand boʻlardim. Buni vaqt koʻrsatadi. Lekin majburlamayman, fikrimcha, qaysi kasbga qiziqsa, shu kasbni tanlagani maʼqul.

Orzular...

- Orzular, menimcha inson orzularining chegarasi boʻlmasa kerak. Bolalikdagi orzu, keyin talabalikdagi va boshqalar. Mening bugungi kundagi orzuim bu farzandlarimning kamolini koʻrib, ular erishayotgan, kelajakda erishadigan yutuqlaridan faxirlanib yurish istagi. Shu eng katta orzuim boʻlsa kerak.

Boʻsh vaqtimda...

- Kasbim tufayli asosiy vaqtim parvozda oʻtadi. Ishdan boʻsh vaqtimni esa, oilam davrasida oʻtkazishga harakat qilaman. Shuningdek, koʻproq sohamizga oid kitoblarni oʻqiyman. Mening yana bir sevimli mashgʻulotim bor. Men gullarga, ekzotik oʻsimliklarga qiziqaman. Buni xobbi desa ham boʻladi. Bogʻimdagi ajoyib oʻsimliklarni parvarishlash menga oʻzgacha zavq bagʻishlaydi.

Ilk parvoz

- Oʻquv yurtida ilk bor Yak-18T samolyotini boshqarganimni, bu birinchi parvoz qoldirgan taassurotlarni yaxshi eslayman. Chunki samolyot yerdan uzulgan payt yuragim urishi tezlashib, hayajonga tushganman, bu holatni tasvirlab berish sal qiyinroq, buni his etish kerak. Avvalgi boshqargan samolyotlarimiz ancha oddiyroq edi. Hozirga kelib texnikalar ancha rivojlanib, zamonaviy koʻrinishga ega boʻldi. Shu misolda, bugungi kunda boshqarayotgan Boeing 787 Dreamliner havo laynerini keltirishim mumkin. Bu “orzu layneri” zamonimizning eng ilgʻor texnologiyalari bilan jihozlangan. Masalan, tejamkor dvigatellar, sputnik aloqasi, dispetcher bilan tarmoq orqali aloqa vositalari, katta ekranli displeylar, qolaversa yoʻlovchilar uchun yaratilgan qulayliklar va shunga oʻxshash koʻpgina oʻzgarishlar.

Aviakompaniyaga tilaklaringiz

- Fursatdan foydalanib, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi tashkil topganligining 27 yilligi munsabati bilan uning ko‘p sonli jamoasini va kasbdoshlarimni chin qalbimdan tabriklayman. Aviakompaniyamiz ravnaqi yoʻlida mehnat qilishdan tolishmasin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musvffo, parvozlarimiz esa xavfsiz boʻlsin!

 

Osmon - mening hayotim

Dilshod Xodjayev, Boeing 757/767 samolyoti komandiri.

- Dilshod aka uchuvchi boʻlish istagi sizda qachon paydo boʻlgan?

- Otam koʻp yillar Urganch shahri “MAI” aviakorxonasining An-2 samolyotida uchuvchi boʻlib ishlaganlar. Bir kuni, unda yuqori sinf oʻquvchisi edim, otam meni oʻzlari bilan birga parvoz qilishga taklif etdilar, men rozi boʻldim. Biz kichik An-2 samolyotiga chiqdik. Yuqoriga koʻtarilgach, otam meni uchuvchilar kabinasiga olib kirdilar va yonlariga oʻtkazdilar. Oʻshanda kabinadan turib, osmon naqadar bepoyonligini his qildim hamda oʻz kelajagimni belgiladim. Men, albatta, uchuvchi boʻlaman! Oʻsha kun meni hayotimni butkul oʻzgartirib yubordi. Maktabda yanada yaxshiroq oʻqishga, muntazam sport bilan shugʻullanishga harakat qilardim. Oliygohga kirishga astoydil tayyorgarlik koʻra boshladim. Taqdir taqazosi bilan, aynan men maktabni tugatgan yili, yaʼni 1995-yilda Ulyanovskdagi Fuqaro aviatsiyasi oliy aviatsiya bilim yurtiga “muhandis-uchuvchi” yoʻnalishida tahsil olishni istovchilar uchun tanlov eʼlon qilindi. Oʻsha yili men talaba boʻldim.

- Uchuvchiga qoʻyiladigan talablar?

- Salomatlik - asosiy talab. Shuning uchun, har doim, albatta, sog‘ligimizga e’tiborli boʻlishimiz shart. Qolaversa, uchuvchining diqqati yaxshi rivojlangan va stress holatlariga bardoshli boʻlishi talab etiladi. Boisi, favqulodda holat yuz berib qolishi va qisqa vaqt ichida tezkor qaror qabul qilish zarurati tugʻilishi mumkin. Russ va ingliz tillarini bilish ham zarur.

- Samolyotga chiqishdan oldin, biror anʼanaga yoki “irim”ga amal qilasizmi?

- Rj-85 samolyotini oʻzlashtirayotganimda menga yoʻriqchilik qilgan ustozim Artur Raxmankulov bir qiziq maʼlumotni aytgan edilar. Ularga saboq bergan Angliyalik mutaxassislar, gʻarbda avialaynerga “aircraft is “she””, yaʼni ayol jinsiga mansub deb sifatlashlarini taʼkidlashgan ekan. Uni huddi jonli deb qabul qilib, hurmat ko‘rsatishar ekan. Negadir oʻsha vaqtdan boshlab, men ham, har bir parvozimdan oldin samolyotni silab qoʻyishni hamda qatnovni xavfsiz va yaxshi bajarishmga koʻmakdosh boʻlishini soʻrab, uni erkalab qoʻyishni odat qilganman. Aviatorlarda “soʻnggi”, “oxirgi” degan soʻzni ishlatmaslik ham bir anʼanaga aylangan. Koʻpchilik uchuvchilar “13” sonini chetlab oʻtishga harakat qilishadi. Shuningdek, poytaxt aeroportida bu raqimli samolyot ham, laynerlar toʻxtab turish joyi ham mavjud emas.

- Uchuvchi ekaningizni bilgach sizga nisbatan qanday munosabat bildirishadi?

- Avvallari, kasbim, ish joyim haqida soʻrashganda, koʻpincha sir tutishga harakat qilar edim. Asosan, aeroprtda “yuk tashuvchi” boʻlib ishlayman deb javob berardim, xazilga olib. Endi formamizdan kasbimizni aniq ajratib olishadi, hech kimni alday olmaysiz. Uchuvchi va aviatorlar haqida anchagina kinofilmlar tasvirga olingani sababli bu kasb yoshlar orasida ommalashib bormoqda.

Yaqinda “Vnukovo” aeroportining aerovokzalidan mehmonxona tomon yurib ketayotsam, qarshimda 4-5 yoshlardagi bolakay eʼtiborimni tortdi. U onasiga meni koʻrsatib: “Oyi, oyi qarang, haqiqiy uchuvchi amaki, biz tomonga kelayapti”, dedi xayajon bilan. Men toʻxtab, bolakay bilan salomlashdim va ismini soʻradim.

– Ismim Maksim, - dedi u. – Siz qaysi aviakompaniyada ishlaysiz?, - meni savolga tutdi.

- “Uzbekistan Airways”da, - deb javob berdim. –Katta boʻlsang sen ham uchuvchi boʻlasanmi?, - soʻradim men.

- Ha, albatta, - qatʼiyat bilan javob berdi bolakay.

Men unga buning uchun maktabda yaxshi oʻqishi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanishi va, albatta, ota-onasining gapiga kirishi kerakligini aytib, ular bilan xayrlashdim.

Shubhasiz, insonlarning bunday munosabati qalbimda kasbimga nisbatan gʻurur tuygʻusini uygʻotadi.

- Chet elga parvozdan soʻng dam olish vaqtingizni qanday taqsimlaysiz?

- Uchuvchilar majmuasida ish hamda dam olish vaqtini taqsimlash jahon standartlari talablari asosida amalga oshiriladi. Dispetcherlar ish hajmini rejalshtirishadi va qatnovning uzoq yoki yaqinligiga qarab, parvoz jadvalini tuzishadi. Qatnovlar asosan uch xil masofada tasniflanadi, yaʼni yaqin, oʻrta va uzoq magistral qatnovlar. Agar uzoq magistral qatnovda parvoz qilsak, qoidaga koʻra dam olayotgan ekipaj aʼzolari estafetani qabul qiladi va biz uchib borgan shahrimizda belgilangan kunga qadar qolamiz. Misol uchun Frankfurt, Parij, London, Nyu-York, Pekin, Seul, Tokio, Bankok, Kuala-Lumpur va boshqa qatnovlar shular jumlasidan. Estafetada qolganimizda mehmonxonada orom olamiz, shaharlarning diqqatga sazovor maskanlarini va bozorlarni aylanamiz.

Yaqin masofadagi qatnovlarda esa. ekipaj aʼzolari reysni bajarib, “Toshkent” aeroportiga qaytib kelishadi.

- Parvozdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtasizmi, biror hujjat toʻldiriladimi?

- Albatta, har bir uchuvchini parvozdan oldin maxsus tibbiy koʻrik kutadi. Qoidaga koʻra shifokor u bilan suhbatlashadi, shikoyatlari bor yoki yoʻqligini belgilaydi, pulsi va qon bosimini oʻlchaydi, zarurat tugʻilganda umumiy ahvolini tekshiruvdan oʻtkazadi. Barcha koʻrsatkichlar joyida boʻlsa, parvozni bajarishga ruxsat beradi. Koʻrikdan oʻtish vaqti yozilib, maxsus hujjat muhr bilan tasdiqlanadi. Ish vaqtimiz hisobi boshlanadi. Keyingi bosqichda, Dispatch xizmati bizga barcha zaruriy maʼlumot va hujjatlarni taqdim etadi. Jumladan, uchib ketish, zahira va qoʻnish azrodromlarining meteorologik va aeronavigatsion holati va boshqalar.

Muxandislar xizmati avialaynerning umumiy holati yuzasidan hisobot beradi. Toʻplangan maʼlumotlar va yonilgʻi miqdori bilan tanishamiz. Soʻng bojxona, pasport nazorati va koʻrik xonalaridan oʻtib, yoʻlovchilarni kutib olish va parvozga tayyorlanish uchun samolyot bortiga koʻtarilamiz.

Uchuvchilarning qatnov davomidagi taomnomasi qanday?

Parvoz vaqtida taomnomamiz yoʻlovchilarnikidan deyarli farq qilmaydi. Asosan baliq, tovuq va goʻshtli taomlar. Lekin, kabinada bitta qoidaga doim rioya qilinadi, yaʼni ikkita uchuvchi har xil taom isteʼmol qiladi. Bir kuni xorij aeroportlaridan birida, boʻsh vaqtimda, kutubxonasiga kirdim va bir qiziqarli kitobga koʻzim tushdi. Unda uchuvchi qanday uzoq umr koʻrishi mumkinligi haqida yozilgan ekan. Ishonsangiz, uchuvchining taomlanishi borasida butun boshli bir bob yozilgan ekan. Mazkur kitobda oʻzim uchun muhim maʼlumot, parvozdan oldin isteʼmol qilinishi mumkin boʻlmagan mahsulotlar roʻyxatini koʻrdim. Uning anchagina uzun ekani eʼtiborimni tortdi: Sutli mahsulotlar, ayrim mevalar (banan, uzum), sabzavotlar (karam, lavlagi, sarimsoq, piyoz), dukkaklilar, achchiq yoki yogʻli ovqatlar, gazlangan ichimliklar va.hk.

- Boʻsh vaqtingiz va sevimli mashgʻulotingiz haqida gapirib oʻtsangiz?

- Ishdan boʻsh vaqtimni asosan oilam va farzandlarim bilan oʻtkazishga harakat qilaman. Menimcha, oʻgʻil bolalar tarbiyasiga koʻproq ota maʼsul boʻladi. Odatda, biz, uch oʻgʻlim Shahzod, Arslon, Imron va men poytaxtimizdagi kinoteatr hamda koʻngilochar maskanlarga borishni, “TIR”da nishonga otishni va kartingda uchishni xush koʻramiz. Shuningdek, oʻzimning jismoniy holatim uchun fitnes zallariga borib turaman. Katta oʻgʻillarim musiqa bilan shugʻullanishadi, baʼzan, koʻngil tortganda, biror bir asarni chalib berishni yoki menga ham oʻrgatishlarini soʻrayman. Badiiy adabiyotlarni mutoala qillish ham yoqadi. Hozirda yana bir mashgʻulot, ingliz tilidan tashqari boshqa xorijiy tillarni oʻrganishni ham odat qilayapman.

- Mehnat ta’tilingizni qanday va qayerda o‘tkazishni yoqtirasiz?

- Men uchun eng sevimli oshiyon bu uyim. Ishdan keyin uyda, oilam bilan dasturxon atrofida ovqatlanish menga zavq bag‘ishlaydi. Uyda barcha charchoqlarim chiqib ketadi. Bolalarning maktabdagi yutuqlari, darslarni ozlashtirishi bilan qiziqaman, kundaliklarini tekshiraman. Mehnat ta’tilini yoz oylarida olishga harakat qilaman, chunki bolalar ham bu mavsumda dam olishadi. Har yili yoz oylarida oilaviy sayohat tashkil etamiz. Ta’til kunlarida O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga boramiz, tog‘li hududlariga chiqib, u yerning toza havosi va go‘zal manzarasidan bahramand bo‘lishga harakat qilamiz. Bolalarga bu juda yoqadi.  Bir necha yildan buyon oilamizga yana bir an’na, xorijiy davlatlarni ko‘rish va ular madaniyatini o‘rganish  ananasini kiritganmiz. Jumladan, BAA, Angliya, Malayziya, Fransiya hamda Italiya davlatlarini sayohat qilib, ularning tarixi va madaniyati haqida tushunchalarga ega bo‘ldik. Bu yil nasib qilsa, Yaponiyaga oilaviy sayohat qilishni rejalashtirganmiz.

- Farzandlaringiz izingizdan borishga qaror qilsalar, qarshilik bildirmaysizmi?

- Ular bobosining, qolaversa mening kasbimni tanlab, uchuvchi bo‘lishsa va sulolamizni davom ettirishsa hammamiz mamnun bo‘lamiz. Doktor yoki huquqshunos bo‘lishsa ham quvonaman. Agar o‘zlari qat’iyat bilan uchuvchi bo‘laman deyishsa qarshlik qilmayman. Lekin hozirda men uchun asosiy vazifa, o‘g‘illarimga maktabda yaxshi baholarga oqish va kerakli bilimlarni egallashiga ko‘maklashishdir. Ular qattiy kun tartibiga rioya qilishadi. Sport, to‘garaklar va h.k. Misol uchun katta o‘g‘lim Shaxzod maktabida grant yutib, Angliyada bir oy oqib keldi. Aslan rassomchlik va futbolga qiziqadi. Kenjamiz Imron bog‘chaga boradi. Bu yutuqlar, albatta, oilamizni quvontiradi. Kelajakda qanday kasbni egallashini esa, qiziqishlariga qarab o‘ylab ko‘ramiz.

- Aviakompaniyaning 27 yilligiga tilaklaringiz…

- Bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan katta ishlar amalga oshirmoqda, bunda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasiga ham o‘ziga hos vazifalar yuklatilgan. Boisi havo yo‘llari O‘zbekistonni chet ellar bilan bog‘lovchi asosiy tarmoqdir.  Imkoniyatdan foydalanib, aviakompaniya jamoasiga belgilangan vazifalarni bajarish  va  bildirilgan ishonchni oqlashda tolishmasligini, barcha hamkasblarimga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va ishlariga omad tilayman. Biz, uchuvchilar esa doimo yo‘lovcnilar xizmatida bo‘laylik.

1029

To top

National Airline

Republic of Uzbekistan

State resources: