Aviakompaniyaning yosh uchuvchilari

Osmonlarda mening ham bitta lochin akam bor...

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning 27 yilligi haqida gapira turib, parvoz chogʻi yoʻlovchilar hayotlarini ularga ishonib topshiradigan uchuvchilar haqida gapirmasak boʻlmas. Ular orasida yosh uchuvchilar ham koʻp.

“Boeing 757/767” havo kemasining ikkinchi piloti Temur Merganov bolaligidan uchuvchi boʻlishni orzu qilardi. Otasi Ibodulla Merganov ham butun umrini aviatsiyaga bagʻishlagan insonlardan. Uning aviatsiyaga boʻlgan qiziqishi oʻgʻliga ham oʻtdi, deyish mumkin. Unda uchuvchi boʻlish istagi kundan-kunga kuchaya bordi.

Sankt-Peterburg davlat fuqaro aviatsiyasi universitetini (hozir Akademiya) tamomlagach, koʻpgina yosh uchuvchilar singari An-24 samolyotining ikkinchi piloti sifatida oʻz faoliyatini boshlagan. Yangi-yangi choʻqqilarni zabt etishga boʻlgan kuchli istak sabab tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etdi va “Il-114-100” samolyotini boshqarish imkoniga ega boʻldi. Xullas, ana shu samolyotni toʻrt yil boshqardi. 2017-yilda Temur “Boeing” samolyotida parvoz qilishni oʻzlashtirdi va hozirga qadar ana shu havo kemasida uchmoqda.

– Uchuvchilik kasbi koʻnikma va tajribalarni muntazam oshirib borishni taqazo etadi, – deydi T.Merganov. – Negaki, bir reys ikkinchisiga mutlaqo oʻxshamaydi. Holbuki, shu yoʻnalishda yuzinchi marta uchayotgan boʻlsang ham unga baribir puxta tayyorgarlik koʻrish kerak boʻladi. “Umrbod oʻqib-oʻrgan!”, degan maqol aynan biz uchuvchilarga taalluqliday. Bizda nufuzli qayta tayyorlash oʻquv markazlarida malaka va tajriba oshirish, Milliy aviakompaniya trenajyorlar markazida koʻnikmalarimizni yanada sayqallash imkoniyati mavjud. Bu bizga hozirgi zamonaviy samolyotlarni boshqarish, istalgan va kutilmagan vaziyatlarga doim tayyor turishga yordam beradi.

Temur parvoz chogʻi samolyotni nazorat va his qila bilish lozim, deb hisoblaydi. Havo kemasi ham sening munosabatingni darrov his qiladi va unga mos javob qaytaradi. Omadli parvoz garovi nafaqat olingan nazariy va amaliy bilimlarga, balki oʻziga boʻlgan kuchli ishonchga ham bogʻliq.

Aytishlaricha, uchuvchilar kasblari sabab oilasiga yetarlicha vaqt ajrata olishmas ekan. Biroq uzoq davom etuvchi reyslar, soat poyaslarining oʻzgarishiga qaramasdan, qahramonimiz oilasi uchun ham vaqt topadi. Uning uchun oila – eng ishonchli havo bandargohidir. Shu bois paydo boʻlgan boʻsh vaqtini oilasiga bagʻishlashga harakat qiladi.

– Parvoz qilish istagi – har bir aviatorning butun hayoti davomidagi orzusidir. Oilamning meni tushunishi va qoʻllab-quvvatlashi sabab orzuim ushaldi, – deydi qahramonimiz. – Ulkan samolyotni havoga koʻtarish va uchib-qoʻnish chizigʻiga qoʻndirish, manzilga eson-omon yetib olgan yoʻlovchilarning koʻzlaridagi minnatdorchilik hissini tuyish zavqiga hech nima tenglasha olmaydi, ishonavering. Hozir qizim ikki yoshga kirgan. Agar kelajakda u ham aviatsiyani tanlasa, albatta, qarorini qoʻllab-quvvatlayman.

1253

Yuqoriga

O'zbekiston Respublikasining

Milliy Aviakompaniyasi

Davlat resurslari: