"O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi PF-5584-sonli "O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosi bo‘yicha MAK matbuot anjumani

Mustaqillik yillari mobaynida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Havo kemalar parki yangilandi, havo maskanlari qiyofasi sezilarli darajada o‘zgardi, yo‘lovchilar va aviatexnikaga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratildi. Yangi aeronavigatsiya tizimlari joriy etilib, yangi samolyot turlari o‘zlashtirildi. O‘zbekiston aviakompaniyasining havo laynerlari Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga hamda Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha parvozlarni amalga oshirmoqda.

Bugungi kunda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK aeroportlaridan 63 ta xalqaro yo‘nalish bo‘yicha muntazam qatnovlar yolga qo‘yilgan, 2017-yilda ularning soni 58ta edi. O‘tgan yildan boshlab bugungi kunga qadar  to‘rtta yangi yo‘nalish  ochildi - Mumbay (haftasiga 3 qatnov), Vladivostok (haftasiga 1 qatnov),  Jidda (haftasiga 3 qatnov) va Jakarta (haftasiga 2 qatnov).

2018-yil yakuniga ko‘ra, Milliy aviakompaniya o‘z tarixida ilk marotaba uch millionlik bosqichni bosib o‘tib, 3 million 173 ming yo‘lovchini tashidi, bu esa, 2017-yil ko‘rsatkichiga nisbatan 117 foizni tashkil etdi, bundan 1 million 91 ming yo‘lovchi uzoq xorij mamlakatlariga, 1 million 477 ming - MDH davlatlari yo‘nalishlarida va 606 ming yo‘lovchi ichki yo‘nalishlarda tashildi. Ushbu yo‘lovchilarning 800 mingdan ortig‘ xorijiy fuqarolar bo‘lib, shu jumladan 56 ming nafari Qozog'iston, 16 ming nafari Tojikiston va 12 ming nafari Qirg‘iziston fuqarolaridir. Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston Respublikasi, Koreya Respublikasi Milliy avikompaniya uchun asosiy yo‘lovchi tashuvlari bozori hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining bir qator huquqiy-normativ hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida aviakompaniya tomonidan 2018-yilda  chegirmalar taqdim etildi vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun  Rossiya Federatsiyasiga safarga chiqqan shaxslarga iqtisodiy klass minimal tarifidan 20% miqdorida (48,9 mlrd. so‘mlik 33 450 dona chipta sotilgan bo‘lib, ushbu toifadagi jismoniy shaxslarga berilgan chegirma  9,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisiga - 50% miqdorida.  Shuningdek, chet ellik sayyohlar uchun xalqaro qatnovlarda tariflar 30% gacha pasaytirildi.

O‘tgan yilda ichki aviayoqilg‘ining narxi oshganiga qaramasdan o‘rtacha tarif  xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha 13% ga, mahalliy yo‘nalishlarda esa,  50% gacha pasaytirildi (aviayoqilg‘i uchun xarajatlar ulushi qatnov narxining 40% tashkil etadi).

Optimal parvozlar jadvalini joriy etish, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini  optimallashtirish hamda Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida samolyotlarning joylashishi asosida periferik parvozlarni bajarish evaziga avialaynerlar parkini ishlatish samaradorligi oshdi va bajariladigan qatnovlar soni ortdi.

Natijada, parvozlar soni haftasiga 36taga ortib, 2018-yilda 1ta samolyotning o‘rtacha parvoz vaqti sutkasiga 10,9 soatni tashkil etdi, 2017-yilda ushbu  ko‘rsatkich 8,1 soatga teng bo‘lgan, jahon amaliyotida esa bu ko‘rsatkich sutkasiga 10 soatni tashkil etadi.

MAK tomonidan  aviaparkni kengaytirish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. MAK aviaparki yangi Airbus A320neo samolyoti bilan to‘ldirildi. Umumiy qiymati 132 mln. doll.ni tashkil etgan  yangi to‘rtinchi Boeing 787 Dreamliyner havo kemasi ekspluatatsiyaga topshirildi (kredit to‘lovi MAKning o‘z mablag‘lari hisobidan o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda). Joriy yilda ushbu rusumdagi yana ikkita samolyotni qabul qilish kutilmoqda. Mazkur yangi havo kemalari qabul qilinishi bilan aviakompaniya yangi "Bortda Internet"  xizmat turini taklif etishni boshladi.

“Toshkent”, “Urganch” va “Nukus” aeroportlarida rekonstruktsiya qilingan yangi terminallar foydalanishga topshirildi, umumiy xarajatlar miqdori 300 milliard so‘mni tashkil etdi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish  sifatini oshirish va vaqtini sezilarli darajada kamaytirish imkonini bergan mazkur loyihalarni MAK o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirdi. MAK Trenajor Markazida uchuvchilar tarkibinni parvoz vaqtida yong‘inni o‘chirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun “Flame-Aviation” tomonidan ishlab chiqarilgan yangi noyob “V9000 Commander” trenajori o‘rnatildi.

Qo‘shni mamlakatlar aviatashuvchialari bilan faol hamkorlik o‘rnatildi. "Uzbekistan  Airways Technics" aviakorxonasida uzoq muddatli hamkorlar - SCAT (Qozog‘iston) va Tajik Air (Tojikiston) aviakompaniyalari havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatilmoqda. MAK O‘quv-mashq Markazi doimiy ravishda AirAstana (Qozog‘iston), SCAT (Tojikiston) va KamAir (Afg‘oniston) aviatashuvchilariga uchuvchilar tarkibini o‘qitish bo‘yicha xizmatlarini taqdim etmoqda.

Shu bilan birga, valyuta bozorini liberallashtirish natijasida O‘zbekiston Respublikasi shaharlariga/dan parvozlarni amalga oshiradigan xorijiy aviakompaniyalar soni 18% o‘shdi, 2016-2017-yillar  mobaynida  13ta aviakompaniya bo‘lgan bo‘lsa, 2018-yilda ularning soni 20taga yetdi. O‘tgan yili xorijiy aviakompaniyalar tomonidan 11 957 qatnovlar amalga oshirdi,  2017-yilga nisbatan 9 foizga ko‘p (10 977 qatnov). Bu esa, O‘zbekiston aviatsiya bozorida raqobatni kuchaytirdi.

Shubhasiz, 2018-yil 27- noyabrda mamlakatimiz Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi tarixida muhim va ahamiyatli voqea bo‘ldi.

Ushbu hujjatga muvofiq, qayta tashkil etish yo‘li bilan MAK negizida “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi. Kompaniyaning tarkibiga kiruvchi davlat unitar korxonalari ma’suliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirilmoqda (MChJ). “Maxsus aviatsiya ishlari (MAI)” DUK negizida “Uzbekistan Helicopters” MChJ tashkil etilib, “O‘zaeronavigatsiya” Markazi O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Farmonda, shuningdek, bir martalik qatnovlarga va aerodromlar yaqinida ob’ektlar qurilishiga ruxsat berish vakolatini Davavianazorat inspeksiyasi (endilikda O‘zbekiston Respublikasi Tansport Vazirligi qoshidagi Fuqaro aviatsiyasi Agentligi)ga o‘tkazish yo‘li bilan davlat boshqaruvi va raqobat muhitini yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo, metro transporti shuningdek, yo‘l transporti sohasidagi yagona davlat boshqaruvi organi sifatida Transport vazirligining tashkil etilishi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda ijobiy va juda muhim qadamdir. Prezidentimizning "Transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga ko‘ra yagona davlat siyosatini amalga oshirish va transport sohasini tartibga solish mazkur vazirlikning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Yurtboshimizning fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi  farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy aviakompaniyada rahbar tarkib va mas’ul mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Aviakompaniya va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarni qayta tashkil etish bo‘yicha  Tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va amalga oshirish mexanizmlari belgilab qo‘yildi.

Hozirda MAK tomonidan Jahon banki guruhining ko‘magida aviakompaniya Markaziy Osiyo mintaqasi havo transporti bozorida yetakchilikka erishishini maqsad qilgan holda biznes-reja ishlab chiqilmoqda. Shu maqsadda Milliy aviakompaniyada xalqaro tajribalar joriy etilib, aviatashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Aviakompaniya asosiy e’tiborini o‘z byudjetining daromad qismini oshirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratmoqda.

Milliy aviakompaniya Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysi va Jahon banki maslahatchilari bilan birgalikda “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarining  asosiy vazifalari belgilangan ustavlar loyihasini ishlab chiqdi. “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Direksiyasi negizida “Uchuvchilar majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “O‘zaviatexta’minot” moddiy-texnik ta’minot majmuasi” davlat unitar korxonalarini jalb etgan holda tashkil etilmoqda. Shuningdek, “Uzbekistan Airways”  AJ “O‘quv-mashq markazi”, “Uzbekistan Airways Technics” AK, “Ketring” va “Uzbekistan Helicopters” ma’suliyati cheklangan jamiyatlarning muassisi sifatida ham faoliyat yuritadi. “Uzbekistan Airports” AJ tarkibiga respublikaning barcha faoliyat yuritayotgan aeroportlari kiradi.

Havo kemalari parkini samarali ishlatish, yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish, taqdim etilayotgan servis xizmatlarning sifatini oshirish, moslashuvchan tarif siyosatini amalga oshirish, parvozlar xavfsizligi va samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish sifatining yuqori darajasini ta‘minlash, shuningdek, Milliy aviakompaniyani xalqaro aviatashuvchilar uyushmalariga integratsiyalashtirish va aviatashuvlar sohasida mintaqaviy yetakchisi darajasiga erishish “Uzbekistan Airways” AJning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Aeroportlar uchun uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, ularning infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun investitsiyalarni jalb qilish, parvozlar muntazamligi va xavfsizligini ta’minlash, aeroportlarda yo‘lovchilar va aviatashuvchilarga yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash, ularning xizmat ko‘rsatish jarayonlarini optimallashtirish, ularga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berish, shu jumladan, zamonaviy savdo, ovqatlanish, bank ob’ektlarini kengaytirish va boshqa yo‘lovchi tashish xizmatlari, shuningdek, infratuzilmani takomillashtirish va logistika sohasida yuqori sifatli xizmatlarni taqdim etish uchun qulay sharoitlar yaratish “Uzbekistan Airports” AJ faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘ladi.

Shubhasiz, mazkur islohotlar iqtisodiy o‘sish, aviakompaniya faoliyatining samaradorligi hamda raqobatbardoshligini oshirish va parvozlar xavfsizligini yuqori darajada ta’minlash borasida katta foyda keltiradi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlanishning yangi bosqichi kutmoqda. "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi jamoasi milliy aviatashuvchini xalqaro aviatsiya bozorida munosib o‘rin egallashi va O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarix zarvaraqlarini yangi yutuqlar bilan to‘ldirish imkonini beruvchi ijobiy o‘zgarishlarga shaydir.
 

MAK Axborot xizmati

E-mail:uzairsmi@uzairways.com

143

Yuqoriga

O'zbekiston Respublikasining

Milliy Aviakompaniyasi

Davlat resurslari: