Yangi kartochka bepul parvoz qilish imkonini beradi

10 Jan 2019

Poytaxtimizda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan “NAK-NBU” kobrend plastik kartochkasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi hamda “Visa” xalqaro toʻlov tizimi bilan hamkorlikda muomalaga chiqarilgan mazkur kartochka yurtimiz uchun yangilik hisoblanadi. Uning afzalligi shundaki, ushbu plastik karta orqali kundalik sarf-xarajatlar toʻlanganda, karta egasiga bepul ballar taqdim etiladi. Maʼlum miqdordagi ballar toʻplanganidan soʻng ushbu ballar orqali milliy aviakompaniyamizning istalgan yoʻnalishi boʻyicha bepul chipta olish yoki “ekonom-klass” bahosida “biznes-klass”da uchish imkoniyatiga ega boʻlish mumkin.

“NAK-NBU” kobrend kartochkasi bank tomonidan mijozning xohishiga qarab, AQSH dollarida yoki milliy valyutada ochiladi. Xususan, “Visa Gold” kartochkasini ochish bahosi 150 ming soʻm boʻlsa, “Visa Platinum” uchun 250 ming soʻm. Kartochkalar boʻyicha eng kam mablagʻ esa 50-100 AQSH dollari hamda 400-800 ming soʻmni tashkil qiladi. Ballar esa uning turidan kelib chiqib hisoblanadi.

Shuningdek, kartochkani ochish vaqtida qoʻshimcha bonus ham taqdim etiladi. “Welcome” bonusi 1000 mil masofagacha uchish, mijozni sugʻurtalash, “konsyerj-servis” — dunyo boʻylab mehmonxonadan joy band qilish, chiptalarni rezervga olish, xarid qilishda yordam berish, kutish va kuzatib qoʻyish xizmatari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, bu kabi plastik kartochkalar sohibi “Visa” xalqaro toʻlov tizimi sheriklarining mahsulot va xizmatlari boʻyicha 5 foizdan 20 foizgacha chegirmani qoʻlga kiritadi.

Bu turdagi karta 2019-yilning 1-fevralidan amalga kiradi.

Yangiliklar arxivi

Pages

O'zbekiston Respublikasining

Milliy Aviakompaniyasi

Davlat resurslari: